Yana bir organizm genomi to'liq o'rganildi
AQSH va Yevropa olimlari birgalikda osyotrsimonlar turkumiga mansub sterlyad (Acipenser ruthenus) balig'ining to'liq genomini yuqori sifatda o'rganib, tahlil qilishga muvaffaq bo'lishdi. Ushbu baliqning somatik hujayralarida 120 ta xromosoma bo'lib, ular 1,8 mlrd nukleotid juftligidan tashkil topgan. Ushbu tur xromosomalarida jami 47 500 ta oqsil kodlovchi genlar borligi aniqlandi.
Osyotrsimon baliqlar hozirgi barcha suyakli baliqlarning naslboshi sifatida muhim evolutsion va sistematik ahamiyatga ega guruh hisoblanadi. Ushbu turkum ikki oiladan iborat bo'lib, jami 27 turni o'z ichiga olgan. Ularning barchasi Xalqaro Qizil kitobga kiritilgan. Ayrim turlari esa qirilib ketgan deb hisoblanadi. Mening tadqiqot ishimda ham ushbu baliqlarning uch vakili genomini o'rganish joy olgan. Tadqiqot ishimizning dastlabki natijalari xalqaro nashr qilish uchun taqdim qilingan. Tez orada kanal orqali bu haqida batafsil xabar beraman.
Yuqorida tilga olingan sterlyad to'liq genomi tahlili haqidagi maqola esa kuni kecha 30-martda xalqaro Nature Ecology and Evolution jurnalida chop qilindi.