Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan 2020 yil 3 noyabr kuni Markaziy Osiyodagi eng yirik onlayn ko‘rgazmalardan biri “InnoWeek.uz 2020” Xalqaro innovatsion g‘oyalar haftaligi o'z ishini boshladi. Innovatsion g‘oyalar haftaligida dunyoning 51 dan ziyod mamlakatidan 2000 nafar ishtirokchi, 18 mamlakatdan 83 ko‘rgazma tashkiloti va 39 ma'ruzachi, nufuzli xalqaro tashkilot va kompaniyalar vakillari va innovatsiyalar sohasidagi yetakchi mutaxassislar qatnashadilar.
Haftalikning ochilish marosimida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti bosh vazirining maslahatchisi, IT-texnologiyalar, telekommunikasiyalar va innovatsion faoliyatni rivojlantirish masalalari departamenti boshlig‘i Olimjon Umarov, Kimyo bo‘yicha Nobel mukofoti sovrindori, Isroillik mashhur olim Dan Shextman, «Skolkovo» jamg‘armasi raisi Arkadiy Dvorkovich, Ozarbayjon Respublikasi transport, kommunikasiya va yuqori texnologiyalar vaziri janob Ramin Guluzade, Isroil Iqtisodiyot vazirligining Innovatsiyalar bo‘yicha boshqarmasining rahbari Ami Appelbaum, Innovatsion zonalar xalqaro assotsiasiyasining bosh ijrochi direktori (IASP) Ebba Lund, Xitoy Xalq Respublikasining «Ipak Yo‘li» yuqori va yangi texnologiyalar zonalari assotsiasiyasi bosh kotibi janob Chjan Jenchjun hamda tadbir mezboni Innovatsion rivojlanish vaziri Ibrohim Abdurahmonov onlayn qatnashib, “InnoWeek.uz-2020” Innovatsion g‘oyalar haftaligining barcha ishtirokchilarini qutladilar.
– Bu yil “InnoWeek.uz 2020” onlayn formatda ishlaydi va bu shunchaki katalog «rasmlar sahifasi» emas, balki eksponentlar uchun potensial mijozlar, investorlar, investitsiya fondlari, sheriklar bilan aloqa o‘rnatish uchun to‘laqonli interaktiv xizmat bo‘ladi, – deydi Innovatsion rivojlanish vazirining raqamlashtirish va axborot texnologiyalari bo‘yicha maslahatchisi Bobur Rahimov. – Ko‘rgazmada ishtirok etadigan texnologik kompaniyalar o‘zlarining g‘oyalari va ishlanmalaridan dolzarb muammolarni hal qilishda foydalanadilar.
“Ko‘rgazmada VR minigarnituradan foydalanishingiz mumkin. Ushbu imkoniyatdan foydalanuvchilar, qaerda bo‘lishidan qat'i nazar, ekspozisiyalarning butun hajmini va maketini his qilib, tadbirda haqiqiy ishtirok etish imkoniyatiga ega bo‘ladi ”, - deya qo‘shimcha qildi Bobur Rahimov.
Tadbir ishtirokchilari uchun ham katta qulaylik yaratilgan: platformada ro‘yxatdan o‘tish bir necha daqiqa davom etadi, ekspozisiyani tashish, o‘rnatish va xavfsizlik kabi muammolar mavjud emas.
“InnoWeek.uz 2020” Innovatsion g‘oyalar haftaligi doirasida o‘tkazilgan eng muhim va qiziqarli tadbirlarni jonli efirda tomosha qilish mumkin. Va ushbu platformaga tashrif buyurgan barcha mehmonlar eng qiziqarli stendlarni belgilash va natijalarini ko‘rish imkoniyatiga ega bo‘ladilar.
“InnoWeek.uz 2020” doirasida o‘tkaziladigan barcha tadbirlar nafaqat o‘z texnologiyangizni dunyoga namoyish etish uchun noyob imkoniyat, balki yangiliklarning markazida bo‘lish, soha vakillari bilan tanishish, aloqalarni o‘rnatish va albatta, potensial investorlarni topishga ham qaratilgan.