Ilmsiz inson har qanday mushkulot oldida ojizdir
Davlatimiz rahbarining BMTning 75-sessiyasida so’zlagan nutqlarida butun dunyoga murojaat qilar ekanlar, koronavirus pandemiyasi oqibatlaridan kelib chiqqan holda, insoniyatning bu kabi ofatlar oldida naqadar ojiz ekanligini ta’kidladilar. Ushbu mavjud vaziyat yer yuzi aholisini bir-biriga bog’liq ekanligi, barcha xalqlar va millatlar o’zaro hamkorlikka nechoglik muhtoj ekanligini ta’kidladilar. Mana shu birgina jumladan shuni anglash mumkinki, dunyo xalqlari nafaqat ijtimoiy-iqtisodiy masalalarda, balki fan-ta’lim, innovatsiyalarni o’zaro integrasiyalashda ham bir-birlariga muhtojdirlar. Mamlakatimizda faoliyat olib borayotgan ilmiy-tadqiqot institutlari qatorida Genomika va bioinformatika markazi olimlari ham buni chuqur anglagan holda ushbu muammoni hal qilishga qaratilgan tadqiqotlarni olib bormoqdalar. Markazning yosh olimlari sifatida ushbu ta’kidlangan fikrlar bevosita bizga ham tegishli ekanligini e’tirof etamiz. Turli organizmlarning genom xususiyatlarini o’rganish borasidagi tadqiqtlarimizni dunyo olimlari bilan hamkorlikda, sohaga tezlik bilan yangilanib borayotgan zamonaviy texnologiyalarni jalb qilgan holda olib borayotganimiz, strategiyani to’g’ri yo’lga qo’yilganini anglatadi. Albatta, yerishgan yutuqlarimizni mana shunday hamkorliklarning mevasi sifatida e’tirof etishimiz mumkin.
Prezidentimizning yoshlar huquqlari to’g’risidagi BMT konvensiyasini qabul qilish bo’yicha O’zbekiston tashabbusini qo’llab quvvatlashga chaqiriqlari ham muhim ahamiyat kasb etadi. Chunki har bir davlatning kelajagini bugungi yoshlar belgilaydi. Yurtimizda oxirgi yillarda amalga oshirilgan yoshlar bilan bog’liq islohotlar fikrimiz dalilidir. Yoshlar parmentlamenti va agentligining tashkil etilishi nurli kelajakka bugundan qo’yilgan poydevordir. Bu esa biz kabi yoshlarni o’y-fikrlari, g’oyalarini tezroq amalga oshishiga yordam beradi.
Prezidentimizning yana bir mulohazalari dunyodagi qashshoqlikni yo’q qilishga qaratilgan, ko’plab mamlakatlarning og’riqli jihati hisoblangan mavzu edi. Albatta, jahondagi aholining aksariyati har kuni to’yib ovqat yeya olmaslik, uysizlikka mahkum. Ammo, bu muammoga hamjihatlik bilan yondoshilsa, yangicha fikrlash orqali ish tutilsa, bu kabi muammolarni hal etish ham hech gap emas. O’zbekiston aholisini ana shunday global iqlim o’zgarishlari natijasida kelajakda yuz tutishi mumkin bo’lgan holatdan qutqarishning ham yagona yo’li bu bilimdir. Bu borada ham Markazimizda qator ishlar olib borilmoqda. Kam resurs sarflagan holda, ko’proq hosil olish imkoniyatini yaratuvchi, issiq iqlim va turli kasalliklarga bardoshli qishloq xo’jaligining muhim ekinlarini takomillashtirishga qaratilgan tadqiqotlar muntazam olib borilmoqda. Ushbu tadqiqotlarga yoshlarni keng jalb etish, ularni kerak bo’lsa rivojlangan mamlakatlarning nufusli ilmiy-tadqiqot markazlarida o’qitib kelish bo’yicha bir necha yillardan buyon amaliy ishlar olib borilmoqda. Natijada, markaz yildan-yilga eng zamonaviy texnologiyalar va yuksak bilimli kadrlar bilan boyib bormoqda, xalqimiz uchun yangidan-yangi qishloq xo’jaligi mahsulotlari yetkazib berilmoqda.
Xulosa qilib aytganda, Prezidentimizning BMT bosh assambliyasida so’zlagan nutqlari biz yoshlar uchun faxr-iftihor tuyg’usini yanada oshirgan bo’lsa, olib borayotgan ishlarimizni yanada samarali va natijador bo’lishida yangi mativatsiya bo’lib xizmat qiladi.
Mirzakamol Ayubov, PhD
“O’zbekiston belgisi” sohibi.