Global Innovatsion Indeks - innovatsion taraqqiyot oʼlchovi: Oʼzbekiston 2030-yilga kelib ILGʼOR 50 davlat qatoriga kira oladimi?
Bu to’g’risida Oʼzbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vaziri, akademik Ibrohim Аbdurahmonov “Yangi Oʼzbekiston” muxbiri Xayriddinmurod АBULFАYZOV bilan suhbatlashdi.
Oʼzbekistonning Global innovatsion indeksga qaytishi - yangi Oʼzbekistonda boshlangan islohotlarning dastlabki natijasi va koʼzlangan katta marralar sari tashlangan birinchi qadamdir.
Global innovatsion indeks (The Global Innovation Index) – davlatlarning innovatsion rivojlanishi darajasini baholovchi global tadqiqotdir. Bu reytingni baholash uslubiyoti ilk bor (hozirda Kornel universiteti va VIPO ham qoʼshilgani uchun) Frantsiyaning INSEAD xalqaro biznes-maktabi tomonidan ishlab chiqilgan. Hozirda (yildan-yilga oʼzgarib turgani uchun) Global innovatsion indeks 80 ta koʼrsatkichlardan iborat boʼlib, iqtisodiy rivojlanishning turli darajalarida boʼlgan mamlakatlarning innovatsion rivojlanishini tavsiflaydi. Shuning uchun mazkur indeks ikki guruh koʼrsatkichlarining oʼrtacha qiymatidan kelib chiqib hisoblanadi. Birinchi guruhga innovatsiyalarni joriy etish uchun mavjud resurslar va sharoitlar (Innovation Input) – institutlar, inson kapitali va tadqiqotlar, infratuzilma, ichki bozorning va biznesning rivojlanish darajasi kiradi. Ikkinchi guruh esa innovatsiyalarni joriy etishda erishilgan amaliy natijalar (Innovation Output) – texnologiyalar va bilimlar iqtisodiyotining rivojlanishi hamda ijodiy faoliyat natijalarini oʼz ichiga oladi.
Joriy yilning 2 sentyabrь kuni Butunjahon Intellektual Mulk Tashkiloti va Kornel Universiteti tomonidan Global innovatsion indeks reytingining navbatdagi «Innovatsiyani kim moliyalashtiradi?» mavzusidagi 13-soni eʼlon qilindi. Har yilning 24 iyulida eʼlon qilinishi anʼanaga aylangan nashr bu yilgi pandemiya sharoiti taʼsiri ostida odatdagidan kechroq taqdim etildi.