— Ibrohim aka, yozuvchi Isajon Sulton o‘zining «Genetik» asarida sizni qahramon sifatida gavdalantirgan ekan. Asarga qahramon bo‘lish qiziq bo‘lsa kerak?
— Bu xayolimga ham kelmagandi. Navoiy viloyatiga targ‘ibot guruhi bilan borganimda xalq shoiri Iqbol Mirzo bilan suhbatlashib qolganmiz. O‘shanda Iqbol Mirzo «genetika mavzusiga yozuvchilar ham qiziqishyapti», deya meni yozuvchi Isajon Sulton bilan tanishtirib qo‘ygandi.
Nazarimda, xalqimizda o‘ziga ishonmaslik tuyg‘usi bor. Bu sobiq tuzumning odamlarga qilgan jabri, bo‘yniga sirtmoq solgani va shunga o‘xshash omillar sabab paydo bo‘lgan tuyg‘u. Agar odamlar o‘zini, o‘zligini anglasa, katta ishlarga qodirligini sezsa, bir joyda depsinib turmasdan, olg‘a qadam tashlaydi. Xalqimiz genofondini tekshirganimizda genlarning o‘ta qadimiyligi hamda ularda katta kuch, salohiyat yashirin ekanini aniqlaganmiz. Buni xalqqa oddiy, tushunarli tilda yetkazishda yozuvchining asari qo‘l keldi. Yozuvchi bilan juda ko‘p bu haqda suhbatlashdik, bahslashdik, ishladik. Shu tarzda romanning birinchi nusxasi paydo bo‘ldi. Maqsadimiz xalqni, yoshlarni uyg‘otish, o‘zligini anglashga yordam berish, bunga turtki berish edi. Qarang, bugun o‘ziga ishonmasligi sabab bolalarimiz qayerlargadir, kimlarningdir qora ishini qilish uchun mardikorlikka ketmoqda. Bu bizning millat bolalariga yarashmaydigan ish. Aslida ularning genlarida ulkan iqtidor, salohiyat, kuch yashirin. Buni esa, ularning o‘zi anglab ololmayapti. Biz juda qadimiy xalqmiz. Biz boshqalarga emas, boshqalar bizga kelib xizmat qilishi kerak. Chunki sivilizatsiyaning rivojlanishida ajdodlarimizning o‘rni beqiyos. Bizning yurtimiz dunyoda nafaqat siyosiy jihatdan strategik, balki genofondimizning boyligi va xilma-xilligi tufayli biologik ahamiyatga egadir. Romandan maqsad ana shuni xalqqa yetkazish edi.