O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Sharof Rashidovning qizi Sayyora Rashidova Jizzaxda Sharof Rashidov haykalini ochdi. Marosim davlat arbobi va yozuvchi tavalludining 100 yilligiga bag‘ishlab o‘tkazildi. Bu haqda O‘zA xabar qildi.
Prezident o‘z nutqida Sharof Rashidov oddiy xalq orasidan chiqqani, noyob aql-zakovati, mehnatsevarligi va kamtarligi bilan katta obro‘-e’tibor qozongani, xalqimizga sadoqat bilan halol xizmat qilganini ta’kidladi. Sharof Rashidov umr bo‘yi o‘z xalqiga, barcha sof niyatli insonlarga yaxshilik qilib, ularni ulug‘ maqsadlar yo‘lida birlashtirib, ezgu ishlarga safarbar etib yashadi, deya ta’kidladi Shavkat Mirziyoyev.
Bu olijanob, donishmand va bag‘rikeng inson, qanday suronli sinovlarga duch kelgan bo‘lmasin, yuksak gumanistik g‘oyalarga doimo sodiq bo‘lib, xalqimiz qalbida yaxshi nom, so‘nmas xotira qoldirdi, dedi Prezident.
Tadbirda akademiki Oqil Salimov, mehnat faxriysi Ismoil Jo‘rabekov, uchuvchi-kosmonavt Vladimir Jonibekov, mehnat faxriysi Qallibek Kamalov, Sharof Rashidovning qizi, akademik Sayyora Rashidova va boshqalar Sharof Rashidov bilan bog‘liq xotiralari, u kishining hayoti va faoliyati haqida so‘zladi.