2017-yilning 17-may kuni O‘zbekiston milliy matbuot markazida O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi tomonidan “Fanlar akademiyasi ilmiy tadqiqot muassasalarida qishloq xo‘jaligi uchun defoliantlar va o‘simliklarni o‘sishini tezlashtiruvchi moddalarni yaratish va amaliyotga joriy etish” mavzusida matbuot anjumani o‘tkazildi. Anjuman ishini kirish so‘zi bilan Fanlar akademiyasi prezidenti vazifasini vaqtinchalik bajaruvchi B.T.Ibragimov ochdi. Shundan so‘ng Fanlar akademiyasining Polimerlar kimyosi va fizikasi, Umumiy va noorganik kimyo, O‘simlik moddalari kimyosi va Mkrobiologiya institutlari rahbarlari o‘z prezentatsiyalari bilan ma’ruza qildilar.
Jumladan, O‘zR FA Polimerlar kimyosi va fizikasi institutida olib borilgan ko‘p yillik tadqiqotlar natijasida qishloq xo‘jaligida ishlatiladigan xitozan asosidagi biologik faol, ekologik xavfsiz mahalliy UZXITAN preparati ishlab chiqildi va ishlab chiqarishga tadbiq etildi. Davlat kimyo komissiyasi tomonidan keng ishlatishga ruxsat etilgan.
Xitozan asosida olingan polimermetallokompleks - Kuprumxit qishloq xo‘jaligida keng ishlatilish bo‘yicha istiqbolga ega, jumladan, bog‘dorchilikda mevali va danakli daraxtlarda uchraydigan kasalliklar oldini olish va davolashda ishlatilishi mumkin. Ekosistemaga salbiy ta’sir ko‘rsatmaydi.
O‘zR FA Polimerlar kimyosi va fizikasi institutida mahalliy xom ashyo asosida yuqori samarador, import o‘rnini bosuvchi, eksportga yo‘naltirilgan polimer shaklli «Polidef» defolianti ishlab chiqilgan. “Polidef” defolianti tarkibida odatiy magniy xloratli defoliantlarga nisbatan 1,5 marta kamroq hajmda xlorat magniy ishlatiladi. U yumshoq ta’sirga ega bo‘lib, ta’sir muddati 5-7 kun, tuproq, suv va havo ekologiyasiga zararsiz sanaladi. «Polidef» g‘o‘za chigiti moydorligiga va uning yog‘-kislota tarkibiga salbiy ta’sir ko‘rsatmaydi.
O‘zR FA Umumiy va noorganik kimyo institutida “Farg‘onaazot” AJ bilan birga samarali va ekologik toza defoliantlar “SuperXMD-s” va “UzDEF” yaratildi.
Bu defoliantlar Davlat kimyo komissiyasi tajribalaridan o‘tdi va qishloq xo‘jaligida qo‘llashga ruxsat etilgan kimyoviy preparatlar ro’yxatiga kiritildi.
So‘nggi yillarda “Farg‘onaazot” AJda 47,8 ming tonna 156,9 mlrd. so‘mlik “SuperXMD-s” va 10,5 ming tonna 42,1 mlrd. so‘mlik “UzDef” defoliantlar ishlab chiqarildi.
O‘zR FA Umumiy va noorganik kimyo instituti olimlarining ishlanmalari tufayli oxirgi uch yil mobaynida O‘zbekistonda faqat mahalliy defoliantlar ishlatilmoqda.
Bundan tashqari, O‘zR FA Umumiy va noorganik kimyo institutida samarali va ekologik bezarar ko‘p qirrali ta’sirga ega o‘simliklarni o‘stiruvchi, rivojlantiruvchi stimulyatorlar “Hosil”, “Madad”, “TJ-85” yaratildi. Ushbu stimulyatorlar Davlat kimyo tajribalaridan muvaffaqiyatli o‘tdi va qishloq xo‘jaligida qo‘llashga tavsiya etildi. “Hosil” preparatidan 80 tonnadan ziyod ishlab chiqarildi va paxta, bug‘doy o‘simliklari gektariga 20 ml me’yorda ustidan purkab ishlanganda hosildorlik paxtada 3-4, bug‘doyda esa 5-7 sentnergacha oshdi.
O‘zR FA O‘simlik moddalari kimyosi instituti tibbiyot amaliyotiga 35 dan ortiq, qishloq xo‘jaligiga esa 10 dan ortiq (fungitsidlar, gerbitsidlar, o‘simliklarni o‘stiruvchi) ishlanmalar tadbiq qilingan.
Institutda tashkil etilgan organik sintez bo‘limida qishloq xo‘jaligi uchun biologik faol birikmalar (fungitsidlar, gerbitsidlar, o‘simliklarni o‘stiruvchi), veterinariyada turli kasalliklarga qarshi (shu qatorda gelmintlarga qarshi), hamda chorva o‘sishi va rivojlanishiga ijobiy ta’sir etuvchi vositalar yaratilib kelinmoqda.
Uchqun biostimulyatori ekinlar (paxta, bug‘doy, bodring, pomidor va boshq.) hosildorligini oshirib noqulay sharoitlardan (qurg‘oqchilik, tuproq sho‘rlanishi) himoyalaydi.
Shu bilan birga istiqbolli gerbitsid – Mefosin yaratish ishlari olib borilmoqda. Uning oz miqdordagi (25-50% suvli) eritmasi ta’sirida bir yillik bir pallali va ikki pallali begona o‘tlarni samarali yo‘q qilgan.
Albendazol – keng ta’sirli antigelmint vositasi. Preparat gelmintlarning yetilgan formalari va ularning lichinkalariga halokatli ta’sir etib mavjud antigelmint vositalar orasida keng ta’sirga ega va ko‘pgina nematodalar, ayrim tsestodlar va trematodlarga qarshi ta’sir qiladi.
Xinazol yosh fassiolalar (yassi chuvalchanglar) va ularning tuhumlariga qarshi ta’siri bilan farqlanadi.
Institut xodimlari tomonidan mahalliy o‘simlik xom-ashyosi asosida tovuqchilikda qo‘llash mumkin bo‘lgan tuxum unumdorligini va tovuq go‘sht mahsuldorligini oshiruvchi arzon Panorut, Kufestrol, Gossipren kabi yem ozuqa qo‘shimchalari yaratilib yem ozuqa konsentrlari assortimenti kengaytirildi.
O‘zR FA Mikrobiologiya institutida ekologik toza, havfsiz va samarali o‘g‘itlarni olish texnologiyalari yaratilgan. Preparatlar Davlat kimyokomissiyasi tomonidan ro‘yxatga olingan va ularning qishloq xo‘jaligida ishlatilishiga ruxsat berilgan.
«Yer malxami» - azotfiksator mikroorganizmlar asosida yaratilgan ekologik toza biologik o‘g‘it, urug‘larning unuvchanligini oshiradi, tuproqni azotga boyitadi, hosildorlikni oshiradi hamda mineral o‘g‘itlarning sarfini sezilarli darajada kamaytiradi.
«Verbaktin» - bakteriyalar va aktinomitsetlardan iborat biopreparat g‘o‘za va boshqa qishloq xo‘jalik ekinlari urug‘larining unuvchanligini yaxshilaydi, ularni vilt, gommoz, ildiz chirishi kabi urug‘ infeksiyalaridan zararsizlantiradi, o‘simlik immunitetini ko‘tarishga yordam beradi.
«Mikrozim-1» va «Mikrozim-2» biopreparatlari respublikaning qator viloyatlarida turli navdagi g‘o‘za va bug‘doy ekinlarida keng miqyosli dala sinovlaridan o‘tgan.
«Mikroo‘stirgich» preparati ekinlarning o‘sishi, rivojlanishi, hosildorligini rag‘batlantirib, ularning moslashuvchanlik xususiyatini oshiradi hamda fitopatogenlardan himoya qiladi.
Uchta bakterial o‘g‘it – «FOSSTIM-1» (g‘o‘za uchun), «FOSSTIM-2» (bug‘doy uchun) va «FOSSTIM-3» (sabzavot ekinlri uchun) preparatlarini suyuq va quruq shaklda olish texnologiyasi ishlab chiqilgan va sinovdan o‘tkazilgan.
«BIOAZOT» biopreparati bug‘doy, g‘o‘za va boshqa ekinlarning hosildorligini va sho‘rlanish sharoitida turli xil kasalliklarga chidamliligini oshirishga mo‘ljallangan.