O’zR Sog’liqni saqlash vazirligi «Porloq» g’o’za biotexnologik navi chigitan olingan yog’ni oziq-ovqat maqsadlarida ishlatilishi mumkinligi haqida xulosa berdi
“Porloq” g’o’za navi O’zR FA Genomika va bioinformatika markazining olimlari tomonidan zamonaviy gen-nokaut texnologiyasi yordamida yaratilgan. O’zbekistonda yaratilgan g’o’zaning genlarni nokaut qilish texnologiyasiga 2017 yilda AQSh ning patent va tovar belgilari muassasi tomonidan patent berildi. Ushbu patent texnologiyani AQSh dan tashqari yana 20 ta mamlakatlarda himoya qiladi. Texnologiya bir vaqtni o’zida g’o’zani bir nechta agronomik jihatdan qimmatli belgilarini takomillashtirish imkonini berdi. “Porloq” biotexnologik g’o’za navlari serhosil, erta pishar, uzun tolali, qurg’oqchilikka va sho’rxoklikka chidamlidir. Hozirgi kunda “Porloq” navlarining tolalari oddiy navlar tolalariga nisbatdan qimmatroq sotiladi va jahon bozorida ularga talab juda yuqori. 2014 yilda «Porloq» navlari O'zbekiston qishloq xo'jaligi ekinlari reestriga kiritilib bugungi kunga kelib ular respublika bo’ylab tahminan 60 000 ga yer maydonlarida ekilmoqda.
Bu navlarda “begona” genlar mavjud emasligiga qaramasdan ularni gen muxandisligi yordamida yaratilganligini hisobga olib «Porloq» navlari chigitlaridan qayta ishlangan mahsulotlarni tirik organizmlar uchun xavfsiziligini baholash bo’yicha tadqiqotlarni o’tkazish bo’yicha qaror qabul qilindi. Shu maqsadda 3 yil davomida O'zbekistonning qator institut va laboratoriyalari tomonidan chuqur izlanishlar olib borildi.
O'zR Fanlar akademiyasi va Sog'liqni saqlash vazirligi tomonidan oziq-ovqat sanoatida va qishloq xo’jaligida foydalaniladigan g’o’za navlaridan qayta ishlangan mahsulotlarning xavfsizligini baholash bo'yicha keng qamrovli izlanishlar olib borildi. Tadqiqotchilar tomonidan “Porloq” g’o’za gen-nokaut navlari chigitlarining qayta ishlash mahsulotlarini kimyoviy, biokimyoviy va farmako-toksikologik ko’rsatkichlarini baholash” nomli innovatsion mega-loyihasi bajarilib unda O’zR Fanlar akademiyasining Bioorganik kimyo instituti, Yuqori texnologiyalar markazi hamda O’zR Sog’liqni saqlash vazirligining Sanitariya gigiyena va kasb kasalliklari instituti ishtirok etishdi. Laboratoriya kalamushlarida o’tkazilgan tadqiqotlar “Porloq” navlarning chigitlaridan olingan yog’, shrot va sheluxaning tirik organizmlar uchun mutlaqo xavfsiz ekanligini ko’rsatdi. Loyiha natijalariga ko’ra laboratoriya kalamushlarining hatto to’rtinchi va beshinchi avlodlarida ham “Porloq” navlarining chigitilaridan olingan yog’, shrot va sheluxaning iste'molidan so’ng patologik o’zgarishlar kuzatilmadi.
Shu bilan birga O’zR akreditatsiyalangan laboratoriyalarida “Porloq” navlari yog’ining tarkibi mustaqil ekspertiza va kimyoviy tahlil qilindi.
Respublika sud expertizasi markazi va O’zbeksiton Respublikasi Davlat Bojxona qo’mitasining laboratoriyalarida “Kodeks Alimentarius” xalqaro standarti talablariga muvofiq “Porloq” gen-nokaut va oddiy go’za navlari yog’larining kimyoviy tarkibini qiyosiy o’rganish bo’yicha o’tkazilgan qo’shimcha tadqiqotlar “Kodeks Alimentarius”ning asosiy standart ko’rsatgichlari bo’yicha gen-nokaut va oddiy go’za navlari yog’lari o’rtasida farq yo’qligi ko’rsatildi.
Bundan tashqari O'zR Fanlar akademiyasining yadro fizikasi instituti tomonidan aktiv tahlil uslubi bilan “Porloq” gen-nokaut va oddiy go’za navlari yog’larida asosiy metallarni tarkibi o’rganildi.
Tadqiqotlar gen-nokaut va oddiy go’za navlaridan olingan yog’ni tarkibi deyarli farqlanmasligini ko’rsatib “Porloq” navlari yog’i ba’zi elementlar bo’yicha an’anaviy navlarni yog’iga nisbatdan hatto xavfsizroq ekanligi aniqlandi.
Shunday qilib g’o’zaning biotexnologik navlari chigitilarini qayta ishlangan mahsulotlarini oziq-ovqat xavfsizligini takroriy tekshiruvlaridan so’ng, O’zR Sog’liqni saqlash vazirligi mustaqil ekspert guruhi qaroriga asosan «Porloq» g’o’za biotexnologik navlari chigitlaridan olingan yog’ni oziq-ovqat maqsadlarida ishlatilishi mumkinligi haqida xulosa berdi va uni “O’zpaxtasanoateksport” xolding kompaniyasi va “O’zpaxtayog’” АJ ga jo’natdi.