Mamlakatimizda g‘alla yetishtirish bo‘yicha boy tajriba to‘plangan. Ayni kunlarda dalalarda g‘alla o‘rimi avj pallasiga kirgan. G‘alla xirmoni yuksalib borayotir.
Yaqin-yaqingacha gektaridan 35-40 sentner hosil olish dehqonlarimizning orzusi hisoblangan bo‘lsa, bugun mazkur ko‘rsatkich o‘rtacha 50-60 sentnergacha yetmoqda.
O‘zbekiston juda qisqa fursatda Markaziy Osiyo davlatlari ichida bug‘doy doni hosildorligi bo‘yicha birinchi o‘ringa chiqdi. Hozir nafaqat g‘alla bilan o‘zini ta’minlovchi mamlakat, balki uni eksport qiladigan davlatlar qatoriga kirdi.
Erishilgan yutuqlarda g‘alla navlarining yangilangani, ularning hosildorligini oshirish borasida olib borilgan ilmiy izlanishlar muhim o‘rin tutmoqda. Yaratilayotgan istiqbolli navlar, fermerlarning fidokorona mehnati, g‘alla yetishtirishdan manfaatdorlik ortishi, moddiy-texnik bazaning mustahkamlanishi hamda bu ishlarning davlatimiz tomonidan qo‘llab-quvvatlanayotgani sohani jadal rivojlantirish imkonini bermoqda.
Bug‘doy o‘simligi dunyoda eng katta maydonlarda yetishtiriladigan asosiy qishloq xo‘jaligi ekini hisoblanib, biz iste’mol qiladigan oziq-ovqat kaloriyasining 21 foizini tashkil etadi.
Biroq har yili turli biotik va abiotik stresslar, iqlim o‘zgarishlari, zararli o‘simlik mikroorganizmlari oqibatida bug‘doy hosilining katta qismi nobud bo‘lmoqda. Shu sababli olimlar va seleksionerlar gen muhandisligi va biotexnologik yondashuvlar orqali bug‘doyning o‘simlik patogenlari, turli stresslarga chidamli navlarini yaratish bo‘yicha izlanmoqda.
2012-yil Buyuk Britaniya, Germaniya va AQShning yetakchi olimlari tomonidan bug‘doy genomi 96 ming atrofidagi genlardan iboratligi va bu odam genomidan 4-marta katta ekanligi aniqlangan. Genomining bunday katta hajmliligi bug‘doy ustida ilmiy tadqiqotlar olib borishda ancha murakkabliklar tug‘diradi. Shunga qaramasdan, dunyo olimlari zamonaviy usullarni qo‘llab, bug‘doyning gerbitsidga, qurg‘oqchilikka, sho‘rga va boshqa stresslarga chidamli navlarini yaratmoqda.
Genomika va bioinformatika markazida ham ushbu texnologiyalardan foydalangan holda bug‘doy transgenomikasi bo‘yicha izlanishlar olib borilmoqda. Jumladan, bug‘doyning mahalliy navlarida ularning qator qimmatli belgilarini takomillashtirish, ya’ni bug‘doy genini “o‘chirish” texnologiyasidan foydalanib, rivojlanishga salbiy ta’sir qiluvchi genlarni nokaut qilish orqali zangga va un kasalliklariga chidamli, sifati yaxshilangan hosildor bug‘doy navlarini yaratish ustida ilmiy tadqiqotlar bajarilmoqda.
Ayni paytda dunyoda asosan ikkita, ya’ni qattiq va yumshoq bug‘doy turlari ekiladi. O‘zbekistonda yetishtirilayotgan bug‘doy navlari o‘ziga xos bo‘lib, boshqalardan fizik-kimyoviy tarkibi va texnologik xususiyatlari bilan ajralib turadi. Undagi non tayyorlashda muhim bo‘lgan kleykovina darajasini oshirish maqsadida innovatsion biotexnologiyaning nazariy asoslari o‘rganildi. Kleykovinaga ta’sir qiladigan bug‘doy genlarining turli variantlari klonlanib, “ijobiy” va “salbiy” farqlar aniqlandi. Laboratoriya sharoitida dastlabki “gen-nokaut” bug‘doy genotiplarining urug‘lari yig‘ildi.
Zamonaviy gen-nokaut texnologiyasi asosida g‘allachilikdagi eng katta muammolardan biri – zang kasalligiga chidamli bug‘doy navlarini yaratish borasidagi tadqiqotlar davom etmoqda.
Zang kasalligi bug‘doyzorlarga katta zarar yetkazadi. Afsuski, uni to‘la bartaraf etadigan kimyoviy yoki biologik usul hozircha topilgani yo‘q. Izlanishlar samarasida zang kasalligini chaqiruvchi zamburug‘lar aniqlandi. Zamburug‘ning ko‘payishi va o‘sishini ta’minlaydigan genlar faoliyatini doimiy “nokaut” qilib turadigan genetik “qurilma”larni bug‘doy hujayralariga joylashtirib, uning bug‘doy to‘qimasiga kirishini chegaralash texnologiyasi ishlab chiqildi. Hozir o‘ziga “zamburug‘ yuqtirmaydigan” bug‘doy hujayralaridan bug‘doy yetishtirildi. Endigi vazifa bu noyob namuna urug‘larini ko‘paytirish va sinovdan o‘tkazishdan iborat.
Bug‘doyning yuqori sifatli va zang kasalligiga chidamli navlarini yaratish ustida olib borayotgan ilmiy izlanishlarimiz ilm-fan va qishloq xo‘jaligi rivojlanishiga o‘z hissasini qo‘shadi, deb umid qilamiz.