— Men olib borayotgan ilmiy ish tibbiyot sohasi uchun nihoyatda zarur va o‘ta qimmat hisoblangan artemizinin moddasini biotexnologik usullar yordamida g‘o‘za o‘simligida ishlab chiqarishga qaratilgan, — deydi Baxtiyor RAHMONOV.
— Artemizinin moddasi asosan bezgak (malyariya) kasalligiga qarshi qo‘llanilib, butun dunyoda unga bo‘lgan talab yildan-yilga ortib bormoqda. Bu yerda gap millionlab insonlarning hayotini saqlab qolish haqida ketmoqda. Shuningdek, artemizinin moddasi inson immun tizimini kuchaytiruvchi, sitomegalovirus, gerpevirus, gepatit B, S, shistosomoz, leyshmaniya va VICh kabi infeksion hamda saraton kasalligida qo‘llanilib, ijobiy natijalarga erishilmoqda.
Tabiatda artemizinin moddasi bir yillik shuvoq (Artemisia annua L.) o‘simligi tarkibida juda kam, ya’ni quruq modda hisobida 0,01-1,1 % miqdorda uchraydi. Artemizinin moddasining faqat bir o‘simlikdan olinishi va uning tarkibida juda kam miqdorda mavjudligi tufayli uning narxi jahon bozorida tobora oshib bormoqda. Shuning uchun ham artemizinin moddasini kashf etgan xitoylik professor Yuyu Tu 2015 yilda tibbiyot sohasida Nobel mukofotiga sazovor bo‘lgan.
Bugungi kunda dunyo olimlari zamonaviy ilm-fan yutuqlaridan foydalangan holda artemezinin moddasi yuqori sifat va miqdorda ishlab chiqarish bo’yicha keng miqyosda shug’ullanishmoqda. Jumladan, aynan shuvoq ơsimliklari ustida seleksiya va MAS texnologiyasini qo’llab, artemizinin moddasini nisbatan kơproq miqdorda ishlab chiqaruvchi ơsimlik navlari yaratilmoqda. Shunindek, turli mikroorganizm (bakteriya, achitqi) va ơsimliklarga ushbu moddani ishlab chiqaruvchi maxsus genlar kiritish va mahsulot olish bơyicha izlanishlar olib borilmoqda.
Lekin dunyo olimlarining sa'y-harakatlariga qaramay, bugungi kunga qadar artemizinin moddasini yuqori miqdorda ishlab chiqarish hamon global muammoligicha qolmoqda.
Bu borada ƠzR FA Genomika va bioinformatika markazida artemizinin moddasi biosintezi, ya'ni ơsimlikning transkriptomika, biokimyo va metabolomika tahlillari hamda ularning gen ekspressiyalari ơrganildi. Biotexnologiya usullari yordamida artemizinin moddasini ishlab chiqaruvchi genlar g’o’zaga kiritildi. Bu gen aslida g’o’zada mavjud emas. Bundan ko’zlangan asosiy maqsad ushbu moddani g’o’zada ishlab chiqarishni yơlga qơyishdir. Aynan g’o’zaning ob'yekt sifatida tanlangani yurtimizda ushbu ơsimlik turi katta maydonlarda yetishtirilishi va markazimizda g’o’za uchun maxsus somatik embriogenez texnologiyasi a'lo darajada yơlga qơyilganidadir. Artemizinin moddasining qimmatbaholigini inobatga olgan holda ilmiy tadqiqotimiz natijasida birgina manbadan ikki xil «oltin» yig’ib olish imkoniyatiga ega bơlamiz.
Tadqiqot “Transgenomika va to‘qimalar kulturasi” laboratoriyasida somatik embriogenez usuli yordamida in vitro sharoitida o‘simlik olish, ya’ni barcha jarayonlar probirka va maxsus laboratoriya idishlari va ozuqa muhitlarida g‘o‘za o‘simliklarini bosqichma-bosqich o‘stirib olishdan iborat bo‘lib, bunda asosiy talablardan biri steril va tozalikka qat’iy rioya qilinadi. Bu o‘ta zamonaviy va noyob laboratoriya nafaqat O‘zbekistonda, balki Markaziy Osiyoda ham yagona hisoblanadi.
Ilmiy tadqiqotimiz natijasida mamlakatimizda yetishtirilayotgan g‘o‘za o‘simligi barglari yig‘ishtirib olinib, farmatsevtika sanoatiga yo‘naltiriladi. Bu ikki tomonlama foyda olish usuli bo‘lib, bugungi ilm-fandagi yangilikdir.
Shuningdek, artemizinin moddasini ishlab chiqarib, eksportga yo‘naltirish juda katta miqdorda foyda keltiradi. Mazkur texnologiyani joriy etish orqali uzoq muddatli ilmiy ekspeditsiyalar, sarf-xarajat, o‘stirish maqsadida katta maydonlardan foydalanish, ishchi kuchi va mashaqqatli mehnatlarni tejagan holda, kichik laboratoriyalarda sifatli tibbiyot preparatlari va dori-darmon mahsulotlari ishlab chiqarish imkoniyati yaratiladi. Chunki hozirda artemizininga talab yuqori bo‘lgan davlatlarda bir yillik shuvoq o‘simligi juda katta plantatsiyalarda yetishtirilmoqda.
Shuningdek, ushbu texnologiyani boshqa dorivor o‘simliklarda qo‘llash ularni qisqa muddat va yuqori sifatda ishlab chiqarishga asos bo‘lib xizmat qiladi. Bundan tashqari, ko‘plab o‘simlik turlarining nobud bo‘lishi va yo‘qolib ketishining oldini oladi. Chunki hozirgi vaqtda biologik va genetik xilma-xillikni saqlash eng dolzarb muammoga aylanib ulgurdi. Mavjud sharoitdan kelib chiqadigan bo‘lsak, so‘nggi yillarda mahalliy farmatsevtik kompaniya va korxonalar talablariga ko‘ra, turli dorivor o‘simliklar foyda olish maqsadida aholi tomonidan yig‘ilmoqda. Natijada, bir necha yillar oldin mavjud bo‘lgan, viloyat va tumanlarning dala hamda ochiq maydonlaridagi o‘simliklar bugungi kunda yo‘q bo‘lib ketmoqda.
Bu tashvishli masala haqida ham jiddiy o‘ylab ko‘rmoq kerakka o‘xshaydi.