“Porloq” va “Ravnaq” g'o'za navlari o'zida noyob xususiyatlarni jamlagan.
Paxta tolasi dunyo to'qimachilik sanoati uchun tabiiy tolaning eng ulkan va qayta tiklanuvchi manbai hisoblanadi. U o'zining nafisligi va havo o'tkazuvchanlik kabi xususiyatlari, shuningdek, ekologik sof mahsulot ekanligi bilan sun'iy tolalarga qaraganda bir qancha afzalliklarga ega. Shu sababli, butun dunyoda paxta tolasiga bo'lgan talab aslo kamaymaydi. O'zbekiston paxta etishtirish bo'yicha dunyodagi etakchi mamlakatlardan biri. Yurtimiz g'o'za maydonlarida asosan ikki tur, o'rta tolali (Gossipium hirsutum) va ingichka tolali (Gossipium barbadense) g'o'za navlari etishtiriladi. Ingichka tolali g'o'za navlari tola sifatining yuqori ekanligi bilan alohida xarakterlanadi. Biroq, ushbu turga mansub g'o'za navlari issiq iqlimga moslashgan bo'lib, O'zbekistonning faqatgina janubiy mintaqalarida etishtirishning imkoni mavjud. Boz ustiga, hosildorligi va tolasining chiqimi ham o'rta tolali g'o'za navlarinikiga nisbatan birmuncha past hisoblanadi. Dunyo paxta tolasi ulushining 95 foizdan yuqori qismini etkazib beruvchi o'rta tolali g'o'za navlari o'zining hosildorligi, tola chiqimining yuqoriligi bilan boshqa tur g'o'za navlaridan ajralib turadi. Shunga qaramay, o'rta tolali g'o'za navlarining ham o'ziga yarasha kamchiliklari mavjud, bu esa ulardagi tola sifati bilan bog'liq ko'rsatkichlardir,ular ingichka tolaga nisbatan kalta, dag'alroq va mustahkamligi past bo'ladi.
“Halq so'zi” gazetasi Genomika va bioinformatika markazining “Porloq” va “Ravnaq” g'o'za navlari haqida yozmoqda.
Batafsil ma`lumot uchun:
http://xs.uz