Yaxshidan bog’ qolur
Genomika va bioinformatika markazi yosh olimlari tomonidan 2015 yilda Markazga qarashli “Maxsus urug’chilik xo’jaligi”da mo’jazgina bog’ tashkil etilgan edi. Ushbu bog’ bugunga kelib astoydil hosilga kirgan va xo’jalik xodimlari uchun o’zining sarhil mevalarini yetishtirib bermoqda. Asosiy qismi olmaning turli navlaridan tashkil topgan bog’ning xilma-xilligini oshirish, qolaversa, Navro’z oldi hasharida qatnashish maqsadida bugun erta tongdan yosh olimlarimiz yana yeng shimarib ishga kirishdilar.
Olma, gilos, olxo’ri kabi mevali daraxtlarning zamonaviy intensiv navlaridan olib kelinib, ularni ko’taringki ruhda tuproqqa o’tkazdilar. Ushbu tadbirning ibratlanarli jihati shundan iboratki, unda Markaz yosh olimlarining deyarli barchasi ishtirok etishdi. Tadbir bahona yoshlar katta yoshli akalaridan ilmiy izlanishlari asnosida yuzaga kelgan, o’zlarini qiziqtirgan savollariga javob oldilar.
Umid qilamizki, yaqin kelajakda ushbu daraxtlar o’z hosilini bera boshlaydi. Qolaversa, etuk daraxtlarning soyasi kun tig’ida mehnat qilayotgan xodimlarning biroz bo’lsada hordiq olishlari uchun ham asqotishiga shubha yo’q.