O'zbekiston Respublikasi prezidenti Sh.Mirziyoyevning «Yerlarni muhofaza qilish va ulardan oqilona foydalanish borasida nazoratni kuchaytirish, geodeziya va kartografiya faoliyatini takomillashtirish, davlat kadastrlari yuritishni tartibga solish chora-tadbirlar to'g'risida»gi farmoniga sharh e`lon qilindi.
Keyingi yillarda respublikada yerlardan oqilona va samarali foydalanishni tashkil etish, ta`sirchan nazoratni ta`minlash hamda yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri sohalaridagi munosabatlarni kompleks tartibga solishga yo'naltirilgan bir qator chora-tadbirlar amalga oshirildi.
Respublikamiz uchun o'ta dolzarb ahamiyatga ega bo'lgan sug'oriladigan yerlar 4,3 million gektarni, yoki mamlakat umumiy maydonining 9,6 foizini tashkil etib, ularda barcha qishloq xo'jaligi mahsulotlarining 95 foizdan ortig'i yetishtiriladi.
Dasturiy chora-tadbirlar doirasida tizimli ravishda yer resurslarini hisobga olish va yerlardan foydalanishni nazorat qilish, ko'chmas mulk ob`yektlari, kartografik fondni takomillashtirish yuzasidan yer munosabatlarini tartibga solish sohasida yer qonunchiligiga rioya etish bo'yicha doimiy monitoring qilish tizimi ishlab chiqilib joriy etildi, ko'chmas mulk ob`yektlarini yalpi xatlovdan o'tkazish, 21 ta davlat kadastrlarini integratsiyalashuviga qaratilgan O'zbekiston Respublikasi Milliy geoaxborot tizimini tashkil etish ishlari amalga oshirilmoqda.
Shu bilan birga, o'tkazilgan tahlillar quyidagilarni ko'rsatmoqda:
joylarda yerdan nooqilona foydalanishning o'z vaqtida oldini olish bo'yicha o'zini o'zi boshqarish organlari va boshqa tashkilotlar bilan birgalikda yetarli darajada tizimli ishlar amalga oshirilmayapti;
qishloq aholi punktlarida va mahallalarda, ayniqsa, olis hududlarda yerlardan foydalanish holatini muntazam monitoring qilish ishlari yetarli darajada olib borilmayapti;
mavjud xodimlar soni yer resurslaridan foydalanishni nazorat qilish va ularning hisobini yuritishni to'liq amalga oshirish imkonini bermayapti.
Yuqoridagi kamchiliklar yerlardan oqilona va maqsadli foydalanish, shuningdek, tarmoqda qonun hujjatlariga rioya etish ustidan to'laqonli ta`sirchan nazoratni ta`minlash imkonini bermayapti.
Respublikamiz yer resurslaridan foydalanish samaradorligini, qishloq xo'jaligi yerlari unumdorligini oshirish, shuningdek, soha faoliyatini takomillashtirish va uning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash maqsadida O'zbekiston Respublikasi Prezidentining «Yerlarni muhofaza qilish va ulardan oqilona foydalanish borasida nazoratni kuchaytirish, geodeziya va kartografiya faoliyatini takomillashtirish, davlat kadastrlari yuritishni tartibga solish chora-tadbirlari to'g'risida»gi Farmoni va O'zbekiston Respublikasi Prezidentining «O'zbekiston Respublikasi Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qo'mitasi faoliyatini yanada takomillashtirish to'g'risida»gi qarori qabul qilindi.
Batafsil ma`lumot uchun:
www.kun.uz