Innovatsiyalar vazirligi Talabalar shaharchasiga joylashtiriladi
Talabalar shaharchasida Innovatsiyalarni joriy etish ilmiy-amaliy markazi bunyod etiladi. Innovatsion rivojlantirish vazirligi ham shu yerga joylashtiriladi. Toshkentdagi O‘zbekiston milliy universiteti hamda Toshkent davlat texnika universiteti joylashgan Talabalar shaharchasida Innovatsiyalarni joriy etish ilmiy-amaliy markazi tashkil etiladi. Shu yerga yangi tashkil etilgan Innovatsion rivojlantirish vazirligi ham joylashtiriladi. O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev shanba kuni markaz loyihasi bilan tanishdi, deya xabar qildi O‘zA. Davlat rahbari markaz va vazirlikka joy tanlash haqida so‘zlar ekan, «Bu yerda ulkan salohiyat mavjud… Bu yerda o‘qiydigan yoshlar — bizning kelajagimiz», — dedi (iqtibos «O‘zbekiston 24» telekanalidan). «Eng muhim vazifa — xalqda innovatsion fikrlashni shakllantirish. Innovatsiyalar yo‘q joyda rivojlanish va raqobat ham bo‘lmaydi, — deya Prezident so‘zlaridan iqtibos keltirdi O‘zA. — Bu sohadagi o‘zgarishlarni xalqimizga keng targ‘ib qilmasak, odamlarda ko‘nikma paydo qilmasak, bugungi davr shiddati, fan-texnikaning mislsiz yutuqlari bilan hamqadam bo‘lolmaymiz». Innovatsiyalarni joriy etish ilmiy-amaliy markazi 2019 yil bahorida foydalanishga topshiriladi.
Batafsil ma`lumot uchun:
www.gazeta.uz