Namangan kartoshka urug‘chiligini rivojlantirish bo‘yicha markazga aylanadi
Prezident Shavkat Mirziyoyev Chust tumanidagi “Baraka meva sanoat servis” mas’uliyati cheklangan jamiyatiga tashrif buyurdi.
Korxona faoliyatini 2015 yilda yong‘oq, mayiz va kovulni eksport qilishdan boshlagan. Hozirda bu yerda kungaboqar, fasol, urug‘lik kartoshka, duragay makkajo‘xori, pomidor ham parvarishlanmoqda.
Jamiyat tomonidan intensiv bog‘ tashkil etilib, eksportbop mevalar yetishtirish loyihasi amalga oshirilmoqda.
Loyihaning umumiy qiymati 9,6 milliard so‘m bo‘lib, yiliga 4 ming 600 tonna yong‘oq yetishtirish, bir yilda 40 milliard so‘mlikdan ziyod mahsulot olish rejalashtirilgan. Hosilning 70 foizini eksportga yo‘naltirish ko‘zda tutilgan.
Prezidentimiz mazkur korxona imkoniyatlari bilan tanishdi. Intensiv usulda qurilgan issiqxonani kirib ko‘rdi.
Korxonaning 17 sotixlik tajriba uchastkasida meva-sabzavotlar sinovdan o‘tkazilayotir.
Aeroponika usulida kartoshka urug‘i yetishtirish tajribasi Prezidentimizda katta taassurot qoldirdi. Yosh olim Sherzod Toshpo‘latov tatbiq etgan bu usul orqali an’anaviy usulga nisbatan 6 barobar yuqori hosil olish mumkin.
Davlatimiz rahbari ushbu tajriba asosida Namanganda kartoshka urug‘chiligini rivojlantirishga doir maxsus qaror ishlab chiqish, butun mamlakatimizga hosildor urug‘ yetkazib berish bo‘yicha topshiriq berdi.
Batafsil ma`lumot uchun:
http://ut.uz/