23-25 mart kunlari O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining Genomika va Bioinformatika markazida 3 kunlik “Yosh biotexnolog” innovatsion lageri uyushtirildi. Innovatsion lagerni tashkil etishdan maqsad o‘quvchilarni genomika va gen muhandisligi sohalaridagi zamonaviy innovatsion texnologiyalar va ushbu ilm-fan yo‘nalishlaridagi O‘zbekiston olimlarining erishgan yutuqlari bilan yaqindan tanishtirish, yosh avlodni ilm-fanga qiziqtirish va innovatsiyalarni rivojlantirishga jalb qilishdan iboratdir. Lagerda ishtirok etish uchun Toshkent viloyati Qibray tumani maktablaridan har yili biologiya va kimyo fanlari bo‘yicha o‘tkaziladigan olimpiadalarda faol ishtirok etadigan iqtidorli o‘quvchilar tanlab olindi.
Uch kun mobaynida o‘quvchilar to‘g‘ridan-to‘g‘ri laboratoriya tajribalarida ishtirok etishdi va Markaz olimlarining qiziqarli ma’ruzalarini eshitishdi. Lagerning uchinchi kunida o‘quvchilar bilan O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vaziri, akademik Abdurahmonov Ibrohim Yulchiyevich ko‘rishdi va ularni samimiyat bilan qutlab, bolalik chog‘larini, maktab olimpiadalarida biologiya fani bo‘yicha faol ishtirok etganligi haqida va bu fanni sevishga uni nima undagani haqida aytib berdi. Lager qatnashchilari suhbatda faol ishtirok etib, katta qiziqish bilan akademik Ibrohim Abdurahmonovni tinglashdi va o‘zlariga qiziq bo‘lgan savollarni berishdi.
Uchrashuv oxirida, Ibrohim Abdurahmonov, Markaz nomidan lager ishtirokchilarga esdalik sovg‘alar topshirdi va o‘quvchilarga o‘z maqsadlari sari ildam qadam bosish kerakligini, qat’iyatli bo‘lishni, o‘z bilimlarini muntazam oshirib borishni va o‘zlariga bo‘lgan ishonchni hech qachon yuqotmaslikni tilab qoldi.