O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Genomika va bioinformatika markazi olimlarining Navoiy viloyati Xatirchi tumaniga tashrifi
Bugungi kunda yurtimizning barcha jabhalarida, xususan, agrar sohada ham keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda.
Butun dudyoda aholi soni shiddat bilan o‘sib borayotgan bir paytda, qishloq xo‘jalik va oziq-ovqat mahsulotlariga bo‘lgan ehtiyoj tobora ortib bormoqda. Bunday sharoitda xalqimizni yetarlicha va sifatli qishloq xo‘jalik mahsulotlari bilan ta’minlash, agrar sohani yanada takomillashtirish va oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash juda muxim sanaladi. Bu kabi muammolarni hal etishning eng samarali yo‘li bu muammoga ilmiy yondashishdir.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev joriy yilning 2 mart kuni Navoiy viloyatiga tashrifi davomida Xatirchi tumanida bo‘lib, viloyat faollari va mutasaddi rahbarlar ishtirokida kengaytirilgan yig‘ilish o‘tkazdi. Yig‘ilishda Prezidentimiz, viloyatda uzumchilikni yanada rivojlantirish borasida tegishli tashkilot raxbarlariga o‘zlarining topshiriqlarini berdi.
O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Genomika va bioinformatika markazi olimi, biologiya fanlari doktori Zabardast Tojibayevich Bo‘riyev o‘z shogirdlari bilan 18-19 mart kunlari Navoiy viloyatining Xatirchi tumanida bo‘lib, u yerda tuman xokimi G‘ofir Quvatovich Aliyev bilan uchrashdi. Uchrashuvda tumanda yetishtirilayotgan uzum navlari, ularni yetishtirish va parvarishlashda yuzaga kelayotgan muammolar hamda ularning ilmiy yechimi haqida so‘z bordi.
Olimlar, Hokimiyat vakillari hamroxligida Xatirchi tumanining Oltinsoy, Uchqora va Akmal Ikromov hududlarida bo‘lib, uzumchilik sohasi bilan yaqindan tanishdilar. Shuningdek, Markazda amalga oshiriladigan molekulyar tadqiqotlar uchun ushbu xududlarda bobokolonimiz Amir Temur davridan buyon yetishtirib kelinayotgan eng qadimiy “Qizil dum” va “Oq dum” uzum navlaridan shuningdek, “Gigant” navidan namunalar olib kelindi. Ushbu namunalarni genotiplash asosida ularning molekulyar pasportini yaratish hamda “in vitro” sharoitida mikroklonal ko‘paytirish tadqiqotlarini amalga oshirish rejalashtirilgan.