Xalqimiz hayotidagi muhim sanalar, bayramlar orasida Navro‘z o‘zida qadimiy an’ana va urf-odatlarimiz, mehr-oqibat va saxovat kabi yuksak insoniy fazilatlarni namoyon etishi bilan ajralib turadi.
Bir necha ming yillik tarixga ega ushbu bayram ajdodlarimiz tomonidan sharqona yangi yil sifatida keng nishonlab kelingan. Inson va tabiat o‘rtasidagi mushtaraklik, dehqonchilik mavsumining boshlanishi Navro‘z shodiyonalarida o‘z ifodasini topgan. Shuning uchun ham asrlar osha bu bayram boqiy qadriyat, milliy marosim sifatida yashab kelmoqda. Zero, Prezidentimizning “Yuksak ma’naviyat – yengilmas kuch” asarida qayd etilganidek, Navro‘z bayrami biz uchun hayot abadiyligi, tabiatning ustuvor qudrati va cheksiz saxovatining, ko‘p ming yillik milliy qiyofamiz, olijanob urf-odatlarimizning betakror ifodasidir.
Xalqimizga xos an’ana va fazilatlar mujassamligi uchun ham olis va yaqin tariximizda bu bayramni cheklash, uni odamlar qalbidan o‘chirishga urinishlar bo‘lgan. Lekin ota-bobolarimiz har qanday sharoitda, hatto yashirincha bo‘lsa-da, Navro‘zni nishonlaganlar, bayramga xos udumlarni ado etganlar. Prezidentimiz Islom Karimov tomonidan milliy o‘zlikni anglash, ma’naviy qadriyatlarimizni tiklashga qaratilgan yuksak e’tibor tufayli Navro‘z yurtimizda umumxalq bayrami deb e’lon qilindi va har yili an’anaviy tarzda keng nishonlanmoqda.
Yurtimiz tarixi va madaniyatiga oid qimmatli manbalar, qadimiy ashyolarga ega Samarqand davlat muzey-qo‘riqxonasi fondida ham Navro‘z bilan bog‘liq ko‘plab ma’lumot va eksponatlar saqlanmoqda.
– Ajdodlarimizdan bizgacha yetib kelgan ko‘plab tarixiy kitoblarda Navro‘z haqidagi ma’lumotlar uchraydi, – deydi Samarqand davlat muzey-qo‘riqxonasi san’at bo‘limi mudiri Safura Ro‘zimurodova. – Jumladan, Abu Rayhon Beruniyning “Qadimgi xalqlardan qolgan yodgorliklar”, Abulqosim Firdavsiyning “Shohnoma”, Mahmud Qoshg‘ariyning “Devonu lug‘atit-turk”, Abu Bakr al-Narshaxiyning “Buxoro tarixi” asarlarida Navro‘z tarixi, bu bayramdagi marosim va ijro etiladigan xalq qo‘shiqlari bilan bog‘liq ma’lumotlar keltiriladi. Ularda bayon etilishicha, Navro‘zni bayram sifatida nishonlash miloddan avvalgi VI-V asrlarda boshlangan.
Navro‘zda o‘tkaziladigan asosiy marosimlardan biri bu – sumalak pishirish bilan bog‘liq. Sumalak bahor oylarida, asosan, Navro‘z munosabati bilan tayyorlanadigan qadimiy va shifobaxsh taomdir. Uning kelib chiqish tarixi bo‘yicha ko‘plab rivoyatlar mavjud. Ammo, shunisi e’tiborliki, sumalak qo‘ni-qo‘shni, qarindosh-urug‘, umuman ko‘pchilik ishtirokida tayyorlanadi va bu jarayonda odamlar o‘rtasidagi munosabatlar mustahkamlanadi.
Muzey-qo‘riqxonamizning arxeologiya fondida qadimiy Afrosiyobda o‘tkazilgan qazishma ishlari paytida topilgan miloddan avvalgi VI–V asrlarga tegishli o‘g‘ir saqlanadi. Ajdodlarimiz Navro‘z kunlarida pishiriladigan sumalak uchun undirilgan bug‘doyni mana shu o‘g‘irda ezib, shirasini olganliklari manbalarda bayon etilgan.
Ushbu fonddagi Navro‘z bilan bog‘liq nodir ashyolardan yana biri VII-VIII asrlarga oid oshiqlar hisoblanadi. Oshiq o‘yini qadimiy milliy o‘yinlardan bo‘lib, asosan bahor paytlarida, bayramlarda o‘ynalgan. Muzeyda saqlanayotgan o‘rtasi teshik bu oshiqlar aynan ushbu o‘yin uchun mo‘ljallangan. Bu haqda ko‘plab tarixiy kitoblarda ma’lumotlar bor.
Etnografiya fondi bo‘limida saqlanayotgan Navro‘z bayramlarida xotin-qizlar kiygan milliy liboslar, turli taqinchoq va bezaklar ham o‘ziga xos tarixga ega. XIX asr oxiri va XX asr boshlariga oid bu ashyolarda Samarqand, Buxoro, Surxondaryo, Xorazm, Toshkent va Farg‘ona vodiysi aholisining turmush tarzi, kiyinish madaniyati va an’analari o‘z ifodasini topgan.
Bundan tashqari, muzey-qo‘riqxona tasviriy san’at fondida Navro‘zga oid marosimlar, xalq sayillari ifoda etilgan ko‘plab rangtasvir va grafika asarlari mavjud. Bu ashyolar ham ushbu bayramning tarixi, u bilan bog‘liq qadriyatlar haqida hikoya qiladi. Jumladan, samarqandlik mashhur rassom Namoz Sultonov tomonidan 1977 yilda ishlangan asarda sumalak pishirish marosimi o‘z aksini topgan. Yana bir taniqli ijodkor Mirsaid Samadov Navro‘z marosimidagi kurash milliy o‘yinini tasvirlaydi. Bunday rangtasvir asarlari Navro‘z taqiqlangan paytlarda ham, xalqimiz o‘zligini yo‘qotmagan holda, bu bayramni tor doiralarda bo‘lsa-da, nishonlaganini, an’analarni saqlab qolganini ko‘rsatadi.
Keyingi yillarda Navro‘z bayrami arafasida muzey-qo‘riqxonada saqlanayotgan noyob eksponatlarni jamlagan holda maxsus ko‘rgazmalar tashkil etish yaxshi an’anaga aylanib bormoqda. Xususan, bu yil ham bayramga bag‘ishlangan ekspozitsiya o‘tkazish mo‘ljallanmoqda. Samarqand shahridagi Chorsu galereyasida tashkil etiladigan mazkur tadbirda Samarqand kashtachiligi tarixi va an’analari, ularda tabiat, o‘simlik va hayvonot dunyosi qanday aks etgani haqida ma’lumot beriladi.
Bunday tadbirlar yoshlarning xalqimiz tarixi va madaniyati, boqiy an’ana va qadriyatlari haqidagi bilim va tasavvurini boyitishga xizmat qiladi.
Genomika va bioinformatika markazida an’anaviy Navruz bayrami nishonlandi. Bayramda barka xodimlari faol qatnashdilar. Tadbir o`zbek xalqi urf-odatlariga mos ravishda milliy kayfiyatda bo`lib o`tdi. Musiqali dastur davomida “Tanovar” va “Lazgi” raqslari, “Qo‘shtor” va “Yorim mani” xalq qo‘shiqlari ijro etildi.