Turkmanobodda (Turkmaniston) O‘zbekistonning birinchi Prezidenti Islom Karimov haykali ochildi. Marosimda O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Turkmaniston Prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov ishtirok etdi.
Turkmaniston Davlat axborot agentligining xabar qilishicha, Lebap viloyati (Buxoro viloyati bilan chegaradosh) ma’muriy markazidagi ko‘chalardan biriga ham Islom Karimov nomi berildi.
Yig‘ilganlar oldida so‘zga chiqqan Turkmaniston Prezidenti Islom Karimovning ikki mamlakat o‘rtasidagi munosabatlarni rivojlantirishdagi o‘rni ulkan ekanini ta’kidlab o‘tdi.
«O‘zbekiston Respublikasining birinchi Prezidenti uchun eng yaxshi yodgorlik — bu uning ishlarini davom ettirishdir», — dedi Gurbanguli Berdimuhamedov.
O‘zbekiston va Turkmaniston rahbarlari Islom Karimov haykali poyiga gulchambarlar qo‘yishdi.