O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev shanba kuni Toshkentdagi “Navro‘z” davlat qabullar uyida 8 mart — Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan tantanali bayram tadbirida ishtirok etdi.
“Ayolni e’zozlash, ayolga ehtirom ko‘rsatish xalqimizga xos olijanob qadriyat hisoblanadi, — dedi davlat rahbari o‘z so‘zida. — Biz, barchamiz qanday kasb, qanday lavozimda ishlamaylik, qalbimiz, yuragimizdagi jamiki ezgu fazilatlar uchun siz, mehribon ayollardan umrbod qarzdormiz”.
“Cog‘lom zurriyod, barkamol avlodni tarbiyalab voyaga yetkazishdagi o‘rningiz va xizmatingizni hech narsa bilan qiyoslab, baholab bo‘lmaydi. Sizlarning mehr-muhabbatingiz, vafo va sadoqatingiz, fidoyiligingiz sababli hayotimiz charog‘on. Sizlar tufayli oilalarimizda tinchlik-osoyishtalik, qut-baraka hukm surayotgani uchun barchangizga har qancha tasanno aytsak, arziydi, albatta”, — deb ta’kidladi Prezident.
“Yer yuzidagi har qaysi jamiyatning madaniy darajasi uning ayollarga bo‘lgan munosabati bilan belgilanadi”, — deb davom ettirdi Shavkat Mirziyoyev. Shuning uchun ham O‘zbekistonda xotin-qizlarning huquq va manfaatlarini ta’minlash, ular uchun munosib mehnat va turmush sharoitini yaratib berish, qobiliyat va salohiyatini ro‘yobga chiqarish masalasi mamlakatda davlat siyosati darajasiga ko‘tarildi.
Davlat rahbari yaqin va uzoq kelajakka mo‘ljallangan siyosatda muhim ijtimoiy ahamiyatga ega bo‘lgan sotsial masalalarni hal etish birinchi o‘ringa qo‘ydi. Bu odamlarni uy-joy bilan ta’minlash, sog‘liqni saqlash tizimini tubdan isloh qilish bo‘ladimi, aholini arzon va sifatli dori-darmon vositalari bilan ta’minlash bo‘ladimi, savdo va transport xizmati, elektr, tabiiy gaz, ichimlik suvi ta’minotini yaxshilash bo‘ladimi, bolalar bog‘chalari, yangi maktablar, san’at va sport inshootlari, ravon yo‘llar qurish bo‘ladimi — bularning barchasi bo‘yicha aniq dastur va rejalar ishlab chiqilgan.
Yuqori texnologiyalarga asoslangan, ixtisoslashtirilgan tibbiyot markazlarining hududlarda ham faoliyat ko‘rsatishiga jiddiy e’tibor qaratilmoqda. Toshkent pediatriya tibbiyot institutining Nukus filialida ko‘p tarmoqli bolalar klinikasi qurilishi jadal olib borilmoqda. Xorazm viloyatida esa Rossiyaning A.Bakulev nomidagi mashhur klinikasi bilan hamkorlikda yurak-qon tomir jarrohligi bo‘yicha tibbiy markaz qurilishi boshlandi. Ayni vaqtda Termiz shahrida Respublika urologiya, Ko‘z mikroxirurgiyasi hamda Ginekologiya va akusherlik ilmiy-amaliy markazlarining filiallari barpo etiladi. Shular qatorida Qashqadaryo viloyatida Respublika kardiologiya va Endokrinologiya markazlarining filiallarini bunyod etish bo‘yicha ham amaliy ishlar boshlab yuborildi.
“Biz qishloq vrachlik punktlari faoliyatini, tez yordam xizmati, profilaktika va patronaj tizimini yanada takomillashtirish borasida ham keng miqyosda ish olib bormoqdamiz. O‘ylaymanki, „Inson manfaati har narsadan ulug‘“ degan ezgu g‘oyani amalga oshirishga qaratilgan bunday ishlarning ahamiyatini xalqimiz, avvalambor, siz, aziz ayollarimiz hammadan ko‘ra yaxshi tushunasiz”, — deya ta’kidladi davlat rahbari.
Bugungi shiddatli zamon, dunyodagi ayovsiz raqobat muhiti bizdan juda katta mas’uliyat va safarbarlik bilan ishlashni, hamma sohada yangicha yondashuvlarni talab etmoqda, deb ta’kidladi Prezident. “Mana shunday keskin sharoitda biz yurtimizda tinchlik va osoyishtalik, fuqarolar va millatlar o‘rtasida hamjihatlik muhitini ko‘z qorachig‘idek asrashimiz zarur. Ayniqsa, farzandlarimizning qalbi va ongini yovuz xavf-xatarlardan himoya qilishga eng dolzarb vazifa, deb qarashimiz kerak”.
“Agar biz ta’lim-tarbiya, madaniyat va ma’naviyat sohasidagi ishlarimizni aniq tizim asosida tashkil etib, ularning samaradorligini oshirmasak, ertangi kunimizni qurolmaymiz, o‘z maqsadlarimizga yetolmaymiz”, — deya qayd etdi u.
Uning so‘zlariga ko‘ra, oilalarda tibbiy, huquqiy madaniyatni yuksaltirish, kasb-hunar kollejlari, oliy o‘quv yurtlarini bitirib chiqayotgan yoshlarimizni, avvalambor, qiz bolalarni ish bilan ta’minlash davlat idoralarining birinchi galdagi vazifasi bo‘lishi shart.
“Ayniqsa, qizlarimizning salomatligini asrash, ularning zamonaviy bilim va kasb-hunarlar egasi bo‘lib voyaga yetishi, jamiyatda o‘z munosib o‘rnini topishi uchun biz barchamiz — ota-onalar, jamoatchilik, mutasaddi rahbarlar javobgarlik va mas’uliyatimizni yanada kuchaytirishimiz zarur. Nega deganda, qiz bola — bo‘lg‘usi oila bekasi, kelajagimiz egasidir. Bugun biz ularga qanday ta’lim-tarbiya bersak, ertaga ular yangi avlodimizga shunday tarbiya beradi”, — dedi Shavkat Mirziyoyev.
“Biz odatda jamiyatimiz hayotiga qarshi qaratilgan xavf-xatarlar haqida gapirganda, ko‘pincha chetdan kiradigan tahdidlarni tushunamiz. Lekin eski zamondan qolgan ayrim salbiy holatlar, afsuski, bugungi tinch va yorug‘ hayotimizga soya solib turibdi. Loqaydlik, bir-birini ko‘rolmaslik, oilada er-xotin, qaynona-kelin, qo‘ni-qo‘shnilar o‘rtasidagi kelishmovchilik, ayollarga bepisand qarash — bunday yaramas illatlar bizga, bizning xalqimizga mutlaqo yarashmaydi”, — deya o‘z mulohazalarini davom ettirdi davlat rahbari.
Bunday noma’qul holatlarni bartaraf etish uchun har tomonlama chuqur o‘ylab, muntazam ravishda ish olib borish kerak. Shu maqsadda mahalliy hokimliklar va ichki ishlar tizimini, “Mahalla” va “Nuroniy” jamg‘armalari tuzilmasi tubdan o‘zgartirildi, ularga yoshlar bilan ishlaydigan qo‘shimcha shtatlar berildi.
“Sizlarning doimo mana shunday ochilib, hayotdan, taqdirdan rozi bo‘lib, yayrab-yashnab yurishingiz uchun, sizlarning baxtu saodatingiz uchun biz doimo sidqidildan xizmat qilishga tayyormiz”, — dedi Shavkat Mirziyoyev o‘z so‘zi yakunida.