— Albatta, “Moziyga qarab ish ko‘rmoq, xayrlidir”, deb yozgan ulug‘ adibimiz Abdulla Qodiriy, keling tarixga bir nazar solaylik. Bir vaqtlar O‘zbekiston qishloq xo‘jaligida ekstensiv rivojlanish ustun edi. Ya’ni faqat miqdor ketidan quvilib, sifat masalasi e’tibordan chetda qolardi. Minglab gektar yerga suv chiqarilib, paxta ekildi, lekin yalpi hosil miqdori oshsa-da, o‘rtacha hosildorlik muttasil kamayib bordi. Qanchadan-qancha ekin maydonlarini sho‘r bosib, Oroldek ulkan dengiz quriy boshladi. Xammasidan qizig‘i, xalqimiz o‘zi yetishtirgan paxtaga o‘zi egalik qilolmas edi. Vatanimiz mustaqillikka erishgach, bu boradagi eskicha qarashlarga butunlay barham berish va qishloq xo‘jaligida, jumladan, paxtachilikda sifat ko‘rsatkichlariga ustuvor e’tibor qaratish vazifasini qo‘ydi. O‘zbekiston Fanlar akademiyasi qoshida Genomika va bioinformatika markazi tashkil etilgani ham muhim ahamiyat kasb etmoqda. Mamlakatimizda nisbatan yangi soha – g‘o‘za genlari injeneriyasi va genomikasi yo‘nalishida maxsus ilmiy tadqiqotlar olib borish, mutaxassislar tayyorlashga katta miqdorda mablag‘ ajratilib, keng imkoniyatlar yaratildi. Tarmoqqa yangicha munosabat natijasida paxta maydoni hajmi qisqargani holda o‘rtacha hosildorlik oshib, tolaning sifat ko‘rsatkichlari sezilarli darajada yaxshilanmoqda. Olimlarimizning mehnati samarasi o‘laroq gen-nokaut texnologiyasini yaratildi. Batafsilroq aytganda, g‘o‘za genomidagi avloddan avlodga o‘tadigan genlar aniqlanib, zamonaviy tezkor assotsiativ xaritalash usuli kashf etildi. Natijada g‘o‘zadagi genlardan foydalanishning yangi imkoniyatlari ochilib, zamonaviy gen-nokaut va markerlarga asoslangan selektsiya usullari ishlab chiqildi.
Gen-nokaut (inglizcha gene knockout), ilmiy tilda aytganda, RNK interferentsiyasi – molekulyar genetika usuli organizmdagi muayyan genlar faolligini to‘xtatib qo‘yish imkonini beradi. Qishloq xo‘jaligi ekinlarining biologik ko‘rsatkichlari – hosildorlik, ertapisharlik, zararkunanda va hasharotlarga chidamlilikning namoyon bo‘lishida ishtirok etuvchi genlarning tarkibi hamda funktsiyasi aniqlangandan so‘ng muayyan gen faoliyatini kuchaytirish yoki, aksincha, susaytirish, hatto to‘xtatish mumkin. Masalan, o‘simlikning yetilish jarayonini sekinlashtiruvchi genlar faoliyatini susaytirib yoki butunlay to‘xtatib, ertapisharlikka erishish imkoniyati mavjud. Bu tajribalar butkul yangicha xususiyatlarga ega “Porloq” va “Ravnaq” g‘o‘za navlari turkumini yaratish sari yo‘l ochdi. Tolasi uzun, suvsizlikka chidamli bo‘lgan bu navlar jahon bozorida ham o‘z xaridorlarini topdi. Natijada O‘zbek paxtasiga bo‘lgan talab jahon bozorida muttasil ortib borayotir. Buni har yili kuzda Toshkentda o‘tkaziladigan Xalqaro paxta va to‘qimachilik yarmarkasining xorijlik ishtirokchilari safi tobora kengayib borayotganidan ham bilish mumkin. Misol uchun, 2005 yili o‘tkazilgan ilk yarmarkada o‘ttiz mamlakatdan bir yuz yetmishga yaqin treyderlik va to‘qimachilik kompaniyasi vakillari qatnashgan bo‘lsa, 2016 yilgi yarmarkada dunyoning qirq davlatidan paxta va to‘qimachilik sohasi kompaniyalarining mingdan ziyod vakili ishtirok etdi. Ushbu yirik xalqaro yarmarkada O‘zbekistonda yetishtirilgan 680 ming tonnadan ortiq paxta tolasini xarid qilish bo‘yicha shartnomalar imzolandi.
Markazimiz jamoasi AQSh Qishloq xo‘jaligi departamenti hamda Texas universiteti mutaxassislari bilan doimo aloqada. Har yili kamida to‘rt nafar ilmiy xodimlarimiz mazkur universitetlarda malaka oshirishga yuboriladi. Bugun o‘zbek olimlari yaratgan ushbu yangi turkum navlar deyarli barcha ko‘rsatkichlar bo‘yicha Misr paxtasiga yaqinlashib, “yangi tolali paxta” deb ataldi. Yangi texnologiyaga xalqaro patent olindi. Jahonning eng nufuzli ilmiy nashrlaridan biri – “Nature Communications” jurnalida olimlarimiz kashf etgan gen-nokaut texnologiyasi haqida batafsil maqola chop etildi. Mutaxassislarning fikricha, gen-nokaut texnologiyasi jahon paxta sanoatiga millionlab dollar foyda keltirishi va xalqaro bozorni tobora keng egallayotgan sun’iy tola ishlab chiqaruvchilar bilan raqobatda paxtakor fermerlarga juda asqatishi mumkin. Bunday yirik, serzahmat va serharajat loyiha keng ko‘lamli xalqaro hamkorlikni taqozo etishi tabiiy. Amerikalik hamkorlarimiz ajratgan grantlar asosida bir qator loyihalar amalga oshirildi, jumladan, o‘n nafar yosh olim Texas universiteti, AQSh Qishloq xo‘jaligi departamenti laboratoriyalarida malaka oshirdi. Xalqaro nashrlarda paxtachilik bo‘yicha o‘nlab ilmiy maqolalar e’lon qilindi. Bunday samarali hamkorlik Xitoy, Hindiston kabi mamlakatlar bilan ham yo‘lga qo‘yilgan. Dunyo bo‘yicha 34 million gektar yerga paxta ekiladi va uning tolasidan olinadigan yillik foyda o‘rta hisobda 27 milliard AQSh dollaridan oshadi. Demak, olimlarimiz yaratgan mazkur texnologiyaga xalqaro miqyosda litsenziya olinishi mamlakatimiz iqtisodiyotiga yaxshigina daromad keltirishi shubhasiz. Istiqlolimizning sharofati, yurtimizda yoshlar kamolotiga ko‘rsatilayotgan doimiy e’tibor samarasidir bu! Ana shunday ulkan g‘amxo‘rlik bo‘lmaganida men kabi minglab yigit-qizlar, ayniqsa, chekka qishloqlardan chiqqan yoshlar xorijdagi nufuzli oliy ta’lim va ilmiy dargohlarda o‘qish, tajriba va malaka oshirish imkoniga ega bo‘larmidi? Yo‘q, albatta. Daraxt qurib-qaqshagan cho‘lda emas, saxovatli zaminda barq urib o‘sadi, meva beradi.
M. Rahmatov suhbatlashdi.