Shu yilning 1 iyulidan boshlab O'zbekistonda oliy ta`limdan keyingi ta`limning ikki darajali tizimi joriy etiladi. «Gazeta.uz» nashri hukumatdagi manbasiga asoslanib xabar qilishicha, bu prezident Shavkat Mirziyoyevning 16 fevraldagi farmonida ko'zda tutilgan.
Yangi tizim boshlang'ich doktorantura (fan sohasidan kelib chiqqan holda dissertatsiyani himoya qilish va falsafa doktori ilmiy darajasi — PhD’ni olish) va doktoranturani (dissertatsiya himoyasi hamda fan doktori ilmiy darajasi — Doctor of Science, ScD’ni olish) o'z ichiga oladi.
2013 yil 1 yanvardan O'zbekistonda oliy ta`limdan keyingi bir darajali tizim amal qilib kelinayotgan edi. Davlat rahbari farmonida qayd etilishicha, O'zbekistonning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish sur`atlari oliy ta`limdan keyingi bir bosqichli tizim sharoitida to'plangan tajribalarni qator xorijiy mamlakatlarning mazkur sohadagi ilg'or tajribalarini hisobga olgan holda qayta ko'rib chiqish zaruriyatini paydo qilmoqda.
Farmonga muvofiq, PhD darajasi magistr darajasi yoki oliy ma`lumotga (mutaxassisliklar dasturlari bo'yicha) yoki klinik ordinaturani (tibbiyot fanlari uchun) tamomlagan va dissertatsiyani himoya qilgan shaxslarga beriladi. ScD darajasi esa fan nomzodi yoki xorijiy davlatlarda olingan PhD darajasiga ega hamda dissertatsiya himoya qilgan shaxslarga beriladi.
Boshlang'ich doktoranturaga magistr yoki oliy ma`lumotga ega yoxud klinik ordinaturani tamomlagan, doktoranturaga esa — fan nomzodi yoki xorijiy davlatlarda olingan PhD darajasiga ega yoxud ular bilan tenglashtirilgan boshqa darajalarga ega shaxslar qabul qilinadi.