O’zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi prezidentining virtual qabulxonasi ochildi - http://fa-vq.uz
02.12.2016
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2016-yil 27-oktyabrdagi “Vazirlik va idoralar, xo‘jalik birlashmalari rahbarlari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi, viloyatlar, shahar va tuman hokimlarining “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni talablarini so‘zsiz bajarish yuzasidan javobgarligi to‘g‘risida”gi 366-son qarori jismoniy va yuridik shaxslar murojaatlariga e’tibor qaratish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri ekanligini yana bir bor namoyon etdi.
Mazkur qaror ijrosini ta’minlash yuzasidan Fanlar akademiyasi tomonidan jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash holatini tubdan isloh qilish borasida keng qamrovli ishlar olib borilmoqda. Murojaatlar bilan ishlashning sifatini yanada yaxshilash, samaradorligini oshirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi prezidentining virtual qabulxonasi (www.fa-vq.uz) tashkil etildi. Jismoniy va yuridik shaxslarda murojaatlarini academy@ academy.uz elektron pochta manzili hamda (0-371) 233-59-86 ishonch telefon raqamiga yuborish imkoniyatlari ham mavjud.
Endi jismoniy va yuridik shaxslar Fanlar akademiyasi faoliyatiga doir arizalar, takliflar, shikoyatlar bilan qulay usulda to‘g‘ridan-to‘g‘ri murojaat qilish imkoniyatiga ega bo‘ldilar.
Bundan tashqari, Fanlar akademiyasi hamda akademiya tizimidagi muassasalar va tashkilotlar rahbariyati tomonidan jismoniy va yuridik shaxslar uchun kunlik soat 8 dan 11 gacha shaxsiy qabullar tashkil qilinmoqda.
Bu kabi chora-tadbirlar Fanlar akademiyasi tizimida murojaatlar bilan ishlash sifatini tubdan yaxshilash, muammolarga o‘z vaqtida yechim topish va bu borada sansalorlikka yo‘l qo‘ymaslikka xizmat qilmoqda. Mazkur masala O‘zR FAning faoliyatining eng muhim yo‘nalishlaridan biri bo‘lib qoladi. Murojaatlarning o’z vaqtida ko‘rib chiqilishi esa jismoniy va yuridik shaxslarning davlat idoralariga nisbatan ishonchini mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etadi.